Qoraqalpog‘istonda yana bitta masjid o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda O’zbekiston musulmonlari idorasi.

Foto: Google

Chimboy tumani “Kenges” ovul fuqarolari yig‘inidagi yangidan ochilayotgan “Yusuf ota” jome masjidining qurilishi 2020-yili boshlangan edi. Oradan bir yil vaqt o‘tib, barcha qulayliqlarga ega, ixcham va atroflari obod masjid imorati tadbirkorlar va mahalliy aholi tomonidan qurib bitkazildi.

Bugun ushbu masjidning ochilish marosimi bo‘ldi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari R. Saparbayev, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Sh. Bauatdinov, Chimboy tumani hokimi A.Tajetdinov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i A. Oteo‘liyev, masjid imomlari, nuraniy oqsoqollar va “Kenges” ovuli turg‘unlari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar so‘ngi yillarda diniy sohadagi yutuqlar, respublikamizda qisqa vaqitning ichida amalga oshayotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar va islohotlar haqqida aytib o‘tdi. Masjid qurilishiga yaqindan yordam bergan tadbirkorlarga, qurilishchilarga va ovul turg‘unlariga o‘zlarining minnadorchiligini bildirdi.

Bu inshoot tumandagi 2-masjid bo‘lib, bu yerda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bu masjidda birinchi marta o‘qilgan juma namozida xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi va xotirjamligini tilab duolar qilindi.

Shuning bilan O‘zbekistonda masjidlar soni 2101 taga, Qoraqalpog‘istonda esa 58 masjidga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi 57-masjid shu oyda Qanliko‘l tumani “Qos jap” ovul fuqarolari yig‘ini hududidan “Atajan xo‘ja” nomi bilan ish boshlagan edi.

Yangidan ish boshlayotgan masjidlarimizni Alloh taolo muborak qilsin. Qiyomat kuniga qadar mo‘min-musulmonlar uchun xizmat qilishini nasib qilsin.