Xorijiy ommaviy axborot vositalarida koronavirusning “omikron” shtammi bilan kasallangan bolalarning 15 foizida g‘ayrioddiy toshmalar paydo bo‘layotganligi aytilmoqda. Bu haqda Britaniyaning Sky News telekanali efirida ma’lum qilindi.

Foto: Sputnik

Britaniyalik shifokor Devid Lloyd koronavirusning “omikron” shtammi bilan kasallangan bolalarning 15 foizida g‘ayrioddiy toshmalar kuzatilayotganligini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ushbu shtamm bilan kasallangan bolalarda kattalarga nisbatan boshqacharoq simptomlar kuzatilmoqda.

“Charchoq, bosh og‘rig‘i, ishtaha yo‘qolishi, toshmalar kuzatilmoqda. Kasallangan bolalarning deyarli 15 foizida g‘alati toshmalar paydo bo‘lmoqda”, – dedi shifokor.

Yangi “B.1.1.529” shtammi 20-noyabrda Janubiy Afrikada qayd etilgan. Unda patogen hujayralarni yuqtirish uchun zarur bo’lgan S-oqsilidagi o’nlab mutatsiyalar mavjud.

Taxminlarga ko’ra, “B.1.1.529” dastlab immuniteti zaif bo’lgan hamda OITS va OIV bilan kasallangan odamlarda kuzatilgan.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti “B.1.1.529″ni “xavotirli” deb tobdi. Mutaxassislarning fikriga ko’ra, yangi shtamm emlanganlarga ham yuqishi mumkin. Bu kasallikning birinchi belgilari charchoq, bosh va tanadagi og’riqlardir.