AQShning Pfizer kompaniyasi Germaniyaning BioNTech kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqayotgan koronavirusga qarshi vaksinasi klinik tadqiqotlarning yakuniy bosqichida 95 foiz samaradorlik ko‘rsatganligini ma’lum qildi.

Foto: CGTN

Oldinroq AQShning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi ishlab chiqqan vaksina sinovlar vaqtida 90 foizdan ko‘proq samaradorlikni ko‘rsatgani ma’lum qilingandi.

Tadqiqotda 43 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. Ularning 170 nafarida vaksinatsiyadan so‘ng koronavirus yuqtirish holati aniqlangan.

Vaksinaning nojo‘ya ta’sirlari kuchli charchoq (3,8 foiz kishida) va bosh og‘rig‘i (2 foiz) bo‘lganligi aytilmoqda.

16-noyabr kuni Amerikaning Moderna kompaniyasi o‘zi ishlab chiqqan vaksina samaradorligi 94,5 foizni tashkil etganligini ma’lum qilgandi.

Pfizer va Moderna vaksina sinovlarining uchinchi, yakuniy bosqichini iyul oxirida boshlagan.

Avvalroq, Pfizer vaksinasini tashish uchun maxsus konteyner tayyorlangani haqida ham xabar bergandik.

Eslatib o’tamiz, Gamaleya nomidagi ilmiy markaz tomonidan Rossiya to’g’ridan-to’g’ri investitsiya fondi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi birinchi vaksina “Sputnik V” nomini oldi va u 11-avgust kuni dunyoda birinchilardan bo’lib ro’yxatga olindi.