Bugun, 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yalpi majlisda quyi palata deputati Rasul Kusherbayev Moliya vaziri Timur Ishmetovga nima uchun hokimlar va boshqa amaldorlarning qimmat avtomashina olayotgani haqida savol berdi.

Foto: Drive

Moliya vaziri Timur Ishmetov bu holatlarga Moliya vazirligi tanqid bilan qarashini, amaldorlar iqtisodiy inqiroz paytida biror xaridni amalga oshirishdan oldin nafaqat qonun, balki mantiq bilan ish tutishi kerakligini ta’kidladi.

“Demak, bunga yo‘l qo‘yayotgan mas’ullarda oddiy mantiq bilan fikrlash qobiliyati ham yo‘q. Lekin “kreslo”da o‘tirishibdi”, – deya munosabat bildiradi savoliga javob olgan deputat.

Moliya vaziri, o‘z navbatida mahalliy byudjetlarga moliyaviy mustaqillik berishni davom ettirib, ochiqlik va oshkoralik siyosatini ta’minlash kerakligini bildirdi.

Shuningdek, vazir jamoatchilikning e’tirozidan keyin qaysi amaldor qanaqa avtomashina olishi mumkinligini aniq belgilab qo‘yish to‘g‘risida Hukumatdan maxsus topshiriq bo‘lgani va tez orada shunday hujjat ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

Mavzuga doir:
“Ota-onasi dehqon bo‘lsa, bolada nima ayb?” – Kusherbayev oliy ta’limdagi imtiyozlar haqida