Avvalroq, Qozog‘istonda 58 yoshli o‘zbekistonlik uch yil davomida mehnat qulligida ushlab turilgani, undan hujjatlari olib qo‘yilgani va jismoniy tazyiq o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.

Foto: RIA Novosti

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi.

Aktobe viloyati politsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxs 1962-yil 2 mayda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi M.B. bo‘lib chiqqan. Uning ish beruvchisiga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 128-moddasida ko‘zda tutilgan “Odam savdosi” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, M.B. Qozog‘istonga 1996-yilda kelgan, 2004-yilda doimiy yashash ruxsatnomasini olgan va Qozog‘istonda muntazam yashab keladi.

Huquqni muhofaza qilivchi organlar vakillari bilan suhbat chog‘ida M.B. hozirgi ish beruvchisiga nisbatan shikoyati yo‘qligini, ish, yashash va ish haqi shartlari o‘zini qoniqtirishini, O‘zbekistonga qaytish niyati yo‘qligini va Olmaota shahriga, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan qizining uyiga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotganini bildirgan.

Qayd etilishicha, jinoiy ish alomatlari yo‘qligi va mehnat qulligi faktlari tasdiqlanmagani munosabati bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yopilgan.

Mavzuga doir:
Rishtonda “prava”sini tiklab bermoqchi bo‘lib, fuqarodan pul olgan shaxs javobgarlikka tortildi
Toshkentda dorilar narxini sun’iy oshirgan, noqonuniy sotgan shaxslarga jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi