Bugun, 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2020-yil 9 oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilindi.

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Muhokamalarda Moliya vaziriligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Markaziy Bank va boshqa tegishli vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.

Majlisda deputatlar Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2020-yilning 9 oyi mobaynida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 129 milliard so‘m atrofida byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi hamda asossiz xarajatlar aniqlaganini salbiy baholadilar.

Bunday holatlar hisobot davrida Xalq ta’limi vazirligi (389 ta holatda 40,7 mlrd so‘m), Sog‘liqni saqlash vazirligi (345 ta holatda 22 mlrd so‘m), Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida (159 ta holatda 10,7 mlrd so‘m) eng ko‘p aniqlangani tanqid ostiga olindi, mas’ullar bundan jiddiy xulosa chiqarishi lozimligini ta’kidladilar.

Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan bir qator tibbiy muassasalari faoliyati uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘larining sarflanishida aniqlangan 70,7 milliard so‘mlik xato va kamchiliklar, amaldagi qoidalarga rioya etmaslik holatlariga ham tanqidiy baho berildi.

Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan byudjetni shakllantirish va ijrosini ta’minlashda natijadorlik muhim ekani ta’kidlandi. Bu borada byudjet tizimida aniq chora-tadbirlar ko‘rila boshlangani e’tirof etildi.

Shu bilan birgalikda, byudjet tizimida “Natijaga yo‘naltirilgan byudjet”ni shakllantirish va ijrosini ta’minlashda jiddiy o‘zgarishlar sezilmayotgani ham ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, Moliya hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralarga byudjet mablag‘larining natijadorligiga oid ma’lumotlarni ko‘proq yoritish masalasi qo‘yildi.

Mavzuga doir:
Jinoyat ishini sudda ko‘rishdan oldin taraflarning ishtirokiga ruxsat berilishi mumkin
Ixtisoslashtirilgan va nodavlat arxivlar tashkil etiladi
Qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi va investitsiyaviy ekspertizalardan o’tkaziladi