Hisob palatasi tomonidan 2021-yil uchun 2021-yil uchun Budjetnoma bo‘yicha Xulosasi tayyorlandi.

Foto: Xalq so’zi

O‘zbekiston Budjet kodeksining 96-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Hisob palatasi tomonidan 2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va 2021-yil uchun Budjetnoma bo‘yicha Xulosasi tayyorlandi.

Xulosadan ma’lum bo‘lishicha, 2021-yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining xarajatlari prognozlari 40 057,8 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Shundan, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar 595,8 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

Tahlil natijasida, respublika budjeti va mahalliy budjetlarning jami xarajatlari prognozi 164 679,8 mlrd so‘mni tashkil etgani holda, davlat budjeti xarajatlari asossiz ravishda 898,4 mlrd. so‘mga oshirilgan holda ko‘rsatilganligi aniqlangan.

Shu munosabat bilan davlat budjeti xarajatlari miqdorini 898,4 mlrd. so‘mga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-sentyabrdagi PQ-4836-sonli Qarorining 9-bandida 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining shtat birliklarini 10 foizga qisqartirish to‘g‘risida Prezident qarori loyihasini kiritish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur topshiriq ijrosi budjet loyihasini ishlab chiqishda hisobga olinmagan. Natijada, dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 550 mlrd so‘m budjet mablag‘lari 2021-yil budjet loyihasida ortiqcha ko‘zda tutilgan. Shu sababli, ushbu mablag‘ni qisqartirilishi maqsadga muvofiqligi ma’lum qilingan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq “UzAuto Motors” yil boshidan beri budjetga yarim trillion so‘mdan ko’proq yig’im to‘lamagani ma’lum bo‘lgani xabar berilgandi. Shuningdek, 2021-yil uchun QQS to‘laydigan korxonalar toifasi kengaytirilishi mumkinligi ham aytilgandi.