Markaziy bank Toshkent shahrida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini baholash yuzasidan bank xizmatlari iste’molchilari o‘rtasida 4 ta mezon – ishonchlilik, ko‘nikma, hozirjavoblik hamda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash asosida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Foto: Google

Mazkur so‘rovnoma tijorat banklari mijozlari bilan yuzma-yuz savol-javoblar shaklida o‘tkazilib, unda 1092 ta respondent — 450 nafar jismoniy shaxs va 642 nafar tadbirkorlik subyekti ishtirok etdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, iste’molchilar tomonidan 5 ta bank — Ipak yo‘li bank, Aziya Alyans bank, Invest Finans bank, Orient Finans bank va Kapitalbankda xizmat ko‘rsatish sifati boshqa banklarga nisbatan “yaxshi” deb topilgan.

O‘zsanoatqurilishbank, O‘zmilliybank, Trastbank, Hamkorbank, Aloqabank, Ipoteka-bank, Turonbank, Asaka bankda ko‘rsatilayotgan xizmatlar “qoniqarli” deb baholangan.

Respondentlar fikriga ko‘ra, Poytaxtbank, Mikrokreditbank, Qishloq qurilish bank, Agrobank, Xalq banki va Davr-bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati mijozlarning ehtiyojlarini “qoniqtirmaydi”.

“Natijalar bank xizmatlari iste’molchilarining so‘rovnoma davomida bildirilgan fikrlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan va Markaziy bankning pozitsiyasi hisoblanmaydi” – deyiladi xabarda.

Kelgusida Markaziy bank tomonidan tijorat banklarida bank xizmatlarini ko‘rsatish sifatini baholash vositalarini kengaytirish, shu jumladan, “sirli mijoz” mexanizmidan foydalanish hamda sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish rejalashtirilgan.

Mavzuga doir:
Go‘sht mahsulotlari narxi yil boshidan 15 foizga qimmatlagan
Aholi tomonidan dollar sotib olish uch baravarga oshdi
Respublikada eng yuqori inflyatsiya qaysi hududda kuzatilgani ma’lum qilindi