Bugun, 16-noyabr kuni Varshava shahrida (Polsha) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha vazirlar konferensiyasida ishtirok etib, tadbir qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Sputnik

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari tadbir ishtirokchilarini diniy erkinliklarni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasi va respublikamizning mazkur yo‘nalishdagi xalqaro majburiyatlarini izchil bajarayotgani haqida xabardor qildi.

Konferensiya mavzusining O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jumladan ularning diniy e’tiqodlari erkinligini ta’minlash borasida o‘tkazilayotgan chuqur demokratik o‘zgarishlar ruhiga mos ekanligi e’tirof etildi.

Qisqa davr mobaynida e’tiqod erkinligini mustahkamlash sohasida respublikada amalga oshirilgan aniq choralar, xususan, xalqaro huquq normalari va eng yaxshi demokratik standartlarni hisobga olgan holda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining ishlab chiqilishi, diniy birlashmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonining soddalashtirilishi, mamlakat tarixida ilk bor din va e’tiqod erkinligi ta’minlanishi monitoringi bo‘yicha parlament eshituvining o‘tkazilishi qayd etildi.

Shuningdek, vazir bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlash hamda ta’lim va ma’rifatni faol targ‘ib qilish jamiyatda diniy erkinlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashning samarali yo‘llaridan biri ekanligini ham e’tirof etdi.

O‘zbekiston TIV rahbari mazkur muhim forum insonning e’tiqod erkinligi huquqini himoya qilishni ilgari surish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish ishida navbatdagi muvaffaqiyatli qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga doir:
Suriya tashqi ishlar vaziri 79 yoshida vafot etdi
Komilov “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” 16-vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi
Misr elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda
O‘zbekiston TIV rahbari va Afg‘oniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi o‘rtasida muzokaralar o’tkazildi