Koronavirusning yashirin xavf-xatarlari haqida rossiyalik tibbiyot fanlari doktori, shifokor-endokrinolog, akademik Marina Shestakova ma’lum qildi. Bu haqda “Komsomolskaya pravda” xabar berdi.

Foto: Koronavirus Info

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus oshqozonosti beziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shu bois u kasallikka chalinganlarda diabet rivojlanish xavfini oshiradi.

“SARS-CoV-2 virusiga retseptorlar oshqozonosti bezi beta-hujayralarida aniqlangan. Demakki, bu to‘ppa-to‘g‘ri birinchi tur diabetning rivojlanishiga olib boradi”, — deya ta’kidlagan shifokor.

Yana bir xavf-xatar izolyasiya qilish davri va jismoniy faollik cheklanishi bilan bog‘liq. Bunday turmush tarzi semizlikning rivojlanishiga turtki beradi.

“Italiyalik olimlar o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, COVID-19 davrida tana vazni me’yorda va ortiq bo‘lgan odamlar guruhidan semizlikdan qiynalayotgan odamlar guruhiga o‘tganlar soni qariyb uch baravar ko‘paygan.

Tana vazni ortishi, to‘yib ovqatlanish, harakatning cheklanishi — bularning bari to‘ppa-to‘g‘ri ikkinchi tur diabetga olib boradi”, — degan Shestakova.

Bundan tashqari, koronavirus bemorlaridagi stress diabet bilan og‘rimayotgan kishilarda giperglikemiyani chaqiradi.

“Odatda COVID-19’dan tuzalgandan so‘ng bunday turdagi giperglikemiya ham yo‘qoladi. Biroq bir necha oydan so‘ng o‘sha odamda diabet rivojlanish xavfi saqlanib qoladi. Bunday vaziyat COVID-19 bemorlari uchun tuzalish prognozi, hatto, diabetning o‘zidan ko‘ra yomonroq bo‘lib chiqdi”, — deya ta’kidlagan shifokor-endokrinolog.

Barcha noxush asoratlarning oldini olish uchun mutaxassis «divanga cho‘zilib yotib, tinimsiz tamaddi qilmaslikni» maslahat beradi.

“Sabzavotli salatlar tayyorlang, oqsilli taom, tvorogli mahsulotlar iste’mol qiling — marhamat! Faqat shirinliklarga mukkasidan ketmasangiz bo‘lgani! Shundagina murakkab pandemiya davridan sog‘liq va jismoniy qomatni saqlagan holda o‘tishingiz mumkin”, — dedi Shestakova.

Koronavirus infeksiyasi aniqlanganda, uning so‘zlariga ko‘ra, dori-darmonlarni qat’iy shifokor ko‘rsatmasi asosida qabul qilish va ko‘proq suyuqlik ichish kerak.

Mavzuga doir:
Nemis olimlari koronavirusni besh daqiqada nobub qiluvchi o‘simlikni topishdi
O’zbekistonda koronavirusdan zararlanishlar soni 70 mingdan oshdi