Markaziy bank 2020-yil yanvar-oktabr oylari oralig‘ida hududlarda asosiy tovar va xizmatlar inflyatsiyasi haqidagi ma’lumotnomasini chop etdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Unga ko‘ra, hisobot davrida hududlar kesimida Toshkent (10,9 foiz) va Toshkent viloyati (8,2 foiz) da eng yuqori inflyatsiya qayd etilgan.

Nisbatan pastroq ko‘rsatkich Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, mos ravishda 8,1 va 8 foizga oshgan.

Bu respublika umumiy ko‘rsatkichidan yuqori shakllangan hisoblanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon, Namangan hamda Farg‘ona viloyatlarida inflyatsiya respublika ko‘rsatkichidan pastroq darajada shakllangan.

Qayd etilishicha, hisobot davrida iste’mol narxlari yuqori inflyatsion bosim sharoitida shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan 1,4 foizga oshdi.

Narxlarning oshishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sentyabr oyiga nisbatan 2,3 foizga qimmatlashishi sabab bo‘ldi. Yanvar-oktabr oylarida respublika bo‘yicha inflyatsiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi.

Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi (10 foiz) umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori, nooziq-ovqat tovarlari (6,9 foiz) va xizmatlar narxlari o‘zgarishi (5,2 foiz) esa past darajada shakllandi.

Joriy yilning o‘tgan 10 oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori oshishiga karantin sharoitida birlamchi iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi hamda sentyabr-oktabr oylarida ayrim tovarlar narxlariga taklif omillari ta’siri bilan izohlanadi.

Bunda, oktabr oyi davomida tuxum (17,7 foizga), o‘simlik yog‘i (11,2 foizga), paxta yog‘i (13,6 foizga), shakar (9,8 foizga) hamda sabzavot mahsulotlari narxlarida mavsumiy (5,8 foizga) yuqori o‘sish kuzatildi.

Umuman olganda, oktabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 11,5 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (16,3 foiz) nisbatan 4,8 foiz bandga sekinlashdi. Yillik inflyatsiya darajasining pasayishi, asosan, 2019 yilning avgust oyidagi tartibga solinadigan narxlar oshirilishi ta’sirlarining tugab borishi bilan izohlanadi.

Mavzuga doir:
O‘zbekiston dastlabki 9 oyda tarvuz eksportidan qancha daromad qilgani ma’lum bo’ldi
Kichik tadbirkorlik subyektlari eng ko’p qaysi hududda faoliyat yuritishi ma’lum bo’ldi
Joriy yilning o’tgan oylarida O‘zbekistonning iqtisodiy holati qanday o‘zgargani aytildi