Bugun Yangihayot tumani Xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati

Sessiyada “Yangihayot tumani hokimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi. Deputatlar tomonidan ushbu lavozimga tavsiya etilgan Inog‘omov Hayot Ilyasovich nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.

Hayot Inog‘omov 1986-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2008-yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan.

Shu paytga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari – Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq prezidentning qarori bilan Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani hokimligi tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.

Yangihayot tumanini tashkil etish tog’risidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumaniga tashrifi davomida ilgari surgandi.