“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning yangi loyihasi orqali davlat xaridlari qattiq tartibga solinishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Prezidentning tegishli farmoniga asosan davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xaridlar jarayonini soddalashtirish va raqamlashtirish, korrupsiya holatlarini bartaraf etish, shuningdek, davlat xaridlari tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilash va ular ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning yangi loyihasi Moliya Vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi.

Qayd etilishicha, yangi Qonun loyihasida demokratik prinsiplarga asoslangan bir qator ijobiy takliflar ilgari surilmoqda.

Jumladan, “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Uzbekistan Airways AJ kabi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 24 ta yirik xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar xaridlari ham endi qonunga muvofiq belgilangan tartib asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu AJ va korxonalar tomonidan 2019-yilda 47 599 mlrd. so‘mlik yoki YaIMning 9,3 foiziga teng davlat xaridlari amalga oshirilgan. Bu esa o‘tgan yilgi jami davlat xaridlarining 48 foiziga teng bo‘lgan.

Shuningdek, amaldagi Qonunga muvofiq hozirda xaridlarning faqatgina 2 ta turi (elektron do‘kon va auksion) elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa, yangi Qonun loyihasida davlat xaridlarini amalga oshirishning barcha turlari, shu jumladan, tender, eng yaxshi takliflarni tanlash savdolari o‘rnatilgan tartibda elektron shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Yangi qonun loyihasida yanada shaffoflikni ta’minlash va korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqlanishi belgilanmoqda.

Aksariyat davlat buyurtmachilarining e’tirozlaridan kelib chiqib, xaridlarni amalga oshirish muddatlari qisqartirilmoqda (masalan, elektron bozor 48 soatdan bir ish kuniga, auksionlar kamida o‘n kunlik talabdan kamida besh kunga).

So‘nggi vaqtlarda amalga oshirilayotgan qator davlat xaridlari keng muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Mavzuga doir:
“Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama uchun chiqarildi
Yer osti boyliklari to‘g‘risida yangi qonun qabul qilinadi

Hozirda Qonun loyihasi fraksiyalar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda hamda palataning navbatdagi yalpi yig‘ilishida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilinishi kutilmoqda.

Deputat G‘aniyev davlat xaridlari sohasi bo‘yicha asoslangan taklif va mulohazalarni yuborishni so‘ragan.