Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan muxolifatning iste’foga chiqish talabini izohlar ekan, uning kun tartibiga faqat mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash kiradi, dedi.

Foto: TASS

Mening kun tartibimga faqat Armanistonning barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash kiradi. Mening kun tartibimda boshqa savol yo’q“, – degan Armaniston bosh vaziri.

Tog‘li Qorabog‘dagi janglar 27-sentabrda boshlangandi. Ozarbayjon va Armaniston sulh to‘g‘risida kelishib olishga bir necha bor urinishgan. Ammo har safar tomonlar bir-birini sulh bitimini buzishda ayblab kelishayotgandi.

Avvalroq Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Qorabog’da o’t ochishni to’xtatish to’g’risida qo’shma bayonot qabul qilishgani haqida xabar bergandik. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan keltirilgan bayonotga ko’ra, 10-noyabrda Tog’li Qorabog’da to’liq sulh boshlanadi, Ozarbayjon va Armaniston egallab turgan pozitsiyalarida to’xtaydi, shuningdek, harbiy asirlarni almashtirishlari lozim bo’ladi.

Ushbu bayonot imzolanishi ortidan Armaniston poytaxtida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlanib ketdi. Tinchlik haqidagi kelishuvga qarshi bo‘lganlar mamlakat hukumat binosini egallab oldi. Armaniston parlamenti spikeri namoyishlar paytida kaltaklandi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda bundan boshqa iloji yo‘qligini ma’lum qildi. U Yerevandagi tartibsizliklar ishtirokchilarini javobgarlikka tortishga va’da bergan.

Kuni kecha Yerevandagi namoyishchilar Boku bilan tinchlik shartnomasini imzolagan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga ultimatum qo’yishgan edi. Namoyishchilar unga yarim tungacha o’z ixtiyori bilan iste’foga chiqishga ruxsat berishganini xabar bergandik.

Keyinchalik muxolifat ovozlar yetarli bo‘lmaganligi tufayli parlament orqali Pashinyanning iste’foga chiqishiga erisha olmadi.