Gruziya raisligidagi Xalqaro zaytun yetishtiruvchilar kengashining (IOS) 111-yalpi yalpi majlisi videokonferensaloqa shaklida tashkil qilindi.

Foto: Google

Kengash yalpi majlisida unga a’zo davlatlar — Albaniya, Jazoir, Misr, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Gruziya, Eron, Isroil, Iordaniya, Livan, Liviya, Chernogoriya, Marokash, Falastin, Tunis, Turkiya, Urugvay va kuzatuvchi maqomiga ega mamlakatlar — Argentina, O‘zbekiston va Suriya vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida “IOS” prezidenti Georgiy Svanidze so‘zga chiqib, ishtirokchilarni kengashga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi O‘zbekiston arizasi to‘g‘risida xabardor qildi va mamlakatimiz vakillarini O‘zbekistonning tashkilotga kuzatuvchi maqomini olgani bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning «IOS»ga a’zo bo‘lish qarori nafaqat Xalqaro zaytun yetishtiruvchilar kengashi obro‘sini mustahkamlaydi, balki mamlakatda zaytun ishlab chiqarishni rivojlantirishga imkon beradi.

Tadbirda Gruziya atrof-muhit va qishloq xo‘jaligi vaziri Levan Davitashvili, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev, shuningdek, Turkiya savdo vaziri o‘rinbosari Sezay Ujarmak ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mamlakatda zaytun ekinlarini yetishtirish istiqbollari haqida ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekistonda zaytun yetishtirish uni mintaqaviy va global miqyosda yetkazib berish zanjirini rivojlantirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuningdek, mamlakatimiz fermer va ishlab chiqaruvchilari uchun yangi savdo bozorlarini taraqqiy ettirishga imkon beradi.

Tadbirda, shuningdek, ushbu sohani rivojlantirish uchun O‘zbekistonga yangi bilim va texnologiyalarni joriy etishga qodir zaytun ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlar bilan yaqin hamkorlik zarurligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Xalqaro zaytun yetishtiruvchilar kengashi bilan hamkorligi mamlakatda zaytun sanoatini rivojlantirish va zaytun plantatsiyalarini kengaytirish uchun sharoit yaratadi.

O‘z navbatida, onlayn majlisda ishtirok etgan delegatsiyalar rahbarlari bir ovozdan O‘zbekistonning kengashga kirish istagini qo‘llab-quvvatladilar.

Eslatib o‘tamiz, “IOC’ 1959-yilda, “Zaytun moyi to‘g‘risida”gi xalqaro shartnoma (1956-yilda qabul qilingan) negizida tashkil etilgan. Kengash asoschilari O‘rta yer dengizidagi Yevropa va Afrikaning 11 ta mamlakati hisoblanadi.

Tashkilotning bosh qarorgohi Ispaniya poytaxti Madrid shahrida joylashgan. Bugungi kunda kengash zaytun moyi va zaytun ishlab chiqaruvchilarning qariyb 80 foizini, uni eksport qiluvchilarning esa 98 foizini birlashtiradi.