Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bu haqida xabar berdi.

15 mart kuni soat 06:00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID – 19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
“Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikni tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda”, deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi axborotida.
Ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, kasallik oldini olish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:
- avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘ling!
- zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!
- qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!
- farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!
- yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!
- uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!
- odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!
- shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!
- ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste’mol qiling, iste’mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!
- isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!
Agarda sizda COVID – 19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.