Rossiya harbiy sarf-xarajatlar bo‘yicha 2019-yilda dunyo mamlakatlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Mamlakatning mudofaa maqsadlari uchun sarflagan mablag‘i 65,1 milliard dollarga (4,5 foizga oshgan) yetgan.

Foto: Sputnik

Stokgolmdagi dunyo muammolarini tadqiq qilish xalqaro instituti (SIPRI) e’lon qilgan press-relizda ana shunday raqamlar keltirilgan.

Institut tarqatgan ma’lumotlarda keltirilishicha, 2019-yilda harbiy xarajatlar uchun dunyo bo‘yicha 1 trillion 917 milliard dollarga (o‘sish 2018 yilga nisbatan 3,6 foiz) o‘sgan.

Shuningdek, ma’ruzada ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha birinchi o‘rinda borayotgan AQShda ham mudofaa xarajatlari o‘sgani aytildi. O‘tgan yili AQShning bu borada sarflagan mablag‘i 5,3 foizga oshgan va 732 milliard dollarni tashkil etgan.

Birinchi beshlikka shuningdek, ulkan harbiy xarajatlari bilan Xitoy, Hindiston va Saudiya Arabistoni ham kirdi.

Masalan, Xitoyning mudofaa xarajatlari ham o‘tgan yilda 5,1 foizga ortgan va 261 milliard dollarga yetgan. Hindiston o‘zining bu boradagi ko‘rsatkichlarini 6,8 foizga oshirib 71,1 milliard dollar sarflagan.

Bundan tashqari, mudofaaga eng ko‘p pul sarflayotgan dunyodagi 15 mamlakat orasida Germaniyada ham o‘sish juda yuqori bo‘ldi. Mamlakat 2019-yilda qurollanish xarajatlarini 10 foizga (49,3 milliard dollar) oshirgan.