Foto: Nuz.uz

Oʻzbekiston YUNESKOning nomoddiy meroslar roʻyxatini kengaytirish ustida ishlamoqda – “Xalqaro oltin meros” xayriya jamoat fondi raisi Amirqul Karimov.

“Xalqaro oltin meros” xayriya jamoat fondi raisi Amirqul Karimov Oʻzbekiston tomoni YUNESKOning nomoddiy meroslar roʻyxatini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

“Toshkent va Toshkent viloyatidagi 150 tadan ortiq ziyoratgohlarni haqida maʼlumot beradigan madaniy meros obʼyektlarni xaritasini tuzganmiz. Madaniyat vazirligi bilan nodavlat notijorat tashkilotlarni oʻzaro hamkorlik madaniy merosimizni muhofaza qilishda katta oʻrin tutadi. Nafaqat madaniy merosimiz, moddiy nomoddiy merosimiz ham mavjud. Bu sohada ham harakat qilmoqdamiz. 2019 yil 12 dekabr kuni Bogota shahrida “Xorazm raqsi” lazgi oʻzbek xalkini nomoddiy meros sifatida roʻyxatdan oʻtdi. Shu ishda ham “Oltin meros” xalqaro xayriya jamgʻarmasi tashabbuskor boʻldi”, – dedi Amirqul Karimov.

Karimov YUNESKOga taqdim etilishi kutilayotgan yangi nomoddiy meros obʼyektlari haqida maʼlumot berdi.

“2019 yil dekabrda “Xorazm raqsi” lazgi Bogotada qabul qilingan boʻlsa, buni tayyorgarligi 2016 yilda boshlangan. Shu kunlarda bir qancha yangi nominatsiyalar haqida oʻylayapmiz – bu baxshchilik, etnos sport, Qozogʻiston-Qirgʻiziston-Tojikiston-Afgʻoniston birgalikda “kashtachilik” boʻyicha nominatsiyasi boʻyicha tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Oʻylaymanki, 31 martgacha bu nominatsiyalarni topshiramiz”, – deb taʼkidladi Karimov.

Uning soʻzlariga koʻra, YUNESKOning bir qancha moddiy va nomoddiy meros obʼyektlari roʻyxatlari bor. Bundan tashqari, jahon xotirasi – bu xalqlarning hujjatli merosi roʻyxatga olish bilan shugʻullanadi.

“Yaqinda Xiva xonligi arxividagi hujjatlar jahon xotirasi merosiga qabul qilindi. Bu sohada ham bir qancha ishlar olib borilyapti. Men oʻylaymanki, davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligini kengaytirish yoʻlida ham kerak boʻladi. Chunki juda katta merosimiz bor. Bu sohada yaqinda qabul qilingan nizom davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligi huquqiy asosini yaratadi deb oʻylaymiz”, – deb qoʻshimcha qildi Karimov.