Foto: O’zA

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

Kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Rustam Xolmatov tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi.

Viloyat rahbari o‘z so‘zida tumanda bugun to‘planib qolgan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berdi.

Qulay geografik joylashuv, rivojlangan bozor infrastrukturasi, meva-sabzavotchilikda dong‘i ketgan o‘ziga xos maktab bo‘lishiga qaramay, tuman juda ko‘p yo‘nalishlarda qo‘shni hududlardan ortda qolgan.

Yuz ming tonna atrofida meva-sabzavot yetishtirilsa-da, uning atigi 1 foizi hududning o‘zida qayta ishlanmayotganini qanday tushunish mumkin, dedi Rustam Xolmatov.

Yig‘ilishda, shuningdek, tumanda yerdan foydalanish, kommunal soha, norasmiy ishlayotgan ishchilarni legallashtirish, qurilish kabi yo‘nalishlarda o‘zbilarmonlik, boshboshdoqlik yuzaga kelgani keskin tanqid qilindi.

Muhokamalardan so‘ng, Sulaymonov Akbar Asqarovichni Toshkent tumani hokimi vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan tasdiqlandi.

Rustam Xolmatov Toshkent tumani hokimi lavozimiga Rustamov Odilxon Bakiyevich nomzodini tavsiya qildi.

Muhokamada so‘zga chiqqanlar tavsiya etilgan nomzodning salohiyati, qayd etilgan muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha tuman hokimligi, faollar oldida turgan vazifalar haqida to‘xtaldi.

Muzokaralardan so‘ng, Odilxon Rustamov nomzodi Toshkent tumani hokimi lavozimiga deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

O.Rustamov faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi, Toshkent shahar Shayxontohur tumani hokimi, Toshkent viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari v.v.b. lavozimida faoliyat yuritgan.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sherzod Qudbiyev ishtirok etdi.