Bugun O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida qaror topgan strategik hamkorlik darajasi har qachongidan mustahkam. Ushbu jarayonda nafaqat davlatlararo aloqalar, balki xususiy biznes vakillarining mustahkam do‘stlik va teng sheriklik asosidagi hamkorligi ham muhim o‘rin tutmoqda.

Foto: RIA novosti

Pandemiya sharoitida Xitoyning “China Environmental Energy Holdings” kompaniyasi tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda zarur tibbiy vositalar shaklidagi saxovat ko‘magining mamlakatimizga jo‘natilishi ham fikrimizga misol.

O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan shakllantirilgan yuk O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida mamlakatimizga olib kelindi.

Yordam yuki tarkibida Avstraliyaning “Resmed Limited” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 ta sunʼiy nafas oldirish qurilmasi va 4 ta boshqariladigan termo terapevtik tizim bor.

Taqdim etilgan termo terapevtik tizimlar Xitoyda epidemiya sharoitida o‘tkir pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlarni davolashda keng qo‘llanilgani bilan ahamiyatli.