Foto: Sostav.ru

“Saylov kampaniyasi vaqtida men barcha partiyalarning saylovoldi dasturlarini, fikr va mulohazalarini televideniye, OAV, internet orqali kuzatib bordim. Har bir siyosiy partiyaning jarayonga munosabati turlicha yangradi. Bularni ko‘rib, “yetti o‘lchab, bir kesib” bitta taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Ya’ni, partiyalar orasida raqobat maydonini yuzaga keltirish uchun “Parlament TV” telekanalini tashkil etishni taklif qilaman”, deyiladi murojaatda. 

Murojaatda aytilishicha, bu bilan bir tarafdan ayrim tizimlarda yuz berayotgan ko‘zbo‘yamachilik, poraxo‘rlikning ham oldi olingan bo‘lardi. 

“Ishoning, agar biz “Parlament TV” telekanalini tashkil qiladigan bo‘lsak, bajarilayotgan ishlarning sifati ham yaxshi tomonga o‘zgarishni boshlaydi. Bu telekanal orqali partiyalarning bajarayotgan ishini mamlakatimiz aholisiga, shuningdek, chet el jamoatchiligiga ham keng ko‘lamda yetkazib boramiz. Har bir jarayonning mazmun-mohiyatini izchil va tizimli ochib berish orqali jamiyatimizda vatanparvarlik hissini shakllantirgan bo‘lamiz. Xalq saylovda ovoz bergan deputatining qilgan ishlarini ko‘rib, u bilan g‘ururlanishni boshlaydi yoki aksincha. “Parlament TV” telekanali orqali xalq bilan deputatlar orasida “munozara maydoni”ni yaratgan bo‘lamiz. Xalq bilan deputatlar orasidagi befarqlik, loqaydlikni oldini olgan bo‘lamiz. Muhim masalalarni ochiq muhokama qilish uchun keng jamoatchilik vakillari bilan teledebatlar o‘tkazilsa ham nur ustiga nur bo‘lar edi”, deyiladi murojaat so’ngida.