Foto: O’zA

Namangan Madaniyat markazida boʻlgan uchrashuvda elchi dastlab viloyat yoshlarining ijodiy ishlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov hamda Tim Torlou oʻrtasidagi uchrashuvda Namangan hamda Buyuk Britaniya hududlari oʻrtasida iqtisodiy hamda madaniy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Buyuk Britaniya elchisiga viloyat iqtisodiyotining ilgʻor sohalari, viloyatga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hamda tashkil etilgan xorijiy korxonalar, kichik biznes va tadbirkorlikning viloyat iqtisodiyotida tutgan oʻrni, mahalliy yalpi ichki mahsulotdagi ulushi, viloyatning turizm salohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

– Keyingi yillarda Oʻzbekistonda yaratilayotgan jozibador investitsiya muhiti ingliz sarmoyadorlarining ham eʼtiborini tortmoqda, – dedi elchi. – Ayniqsa, Namangan viloyati bilan Buyuk Britaniyaning tekstil sohasida hamkorlik imkoniyati katta.

Tim Torlou 2020-yil may oyida Londonda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston – Britaniya savdo va sanoat kengashining yigʻilishiga Namangan viloyati delegatsiyasini ham taklif qildi, deyiladi xabar so’ngida.