Foto: O’zA

Respublika rahbariyati topshirigʻiga binoan maxsus mukofot va diplom qabul qilish uchun Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov Bishkek shahriga tashrif buyurdi. Tadbirda “Ala-Too Ayimdari” harakati rayosati aʼzolari, SSSR xalq artisti Kayirgul Sartbayeva va xalq yozuvchisi Gulsayra Mominova, Qirgʻiziston hukumati, parlamenti va mintaqaviy maʼmuriyatlarida yuqori lavozimlarda ishlagan qirgʻiz va oʻzbek hamjamiyatlarining nufuzli vakillari, Oʻzbekistondagi sobiq qirgʻiz diplomatlari, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, yetakchi elektron va bosma nashrlar, markaziy radio va televideniye kanallari vakillari, siyosatshunos ekspertlar ishtirok etdilar.

Marosimda “Ala-Too Ayimdari” harakati rahbari Jipargul Bargibayeva nutq soʻzlab, oʻzbek-qirgʻiz munosabatlarini sifat jihatdan yangi yuqori bosqichga koʻtarilishi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida doʻstlik, tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik, konstruktiv va qardosh munosabatlarini yaratish siyosati Oʻzbekiston rahbari nomzodi tanlanishining asosiy sababi ekanligini taʼkidladi. “Ala-Too Ayimdari” harakatining mukofoti, aslida, butun Qirgʻiziston xalqining irodasi ifodasidir.

Jipargul Bargibayeva qardosh Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va etnik ozchiliklarning huquqlarini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganligini taʼkidladi. “etnik qirgʻizlar zich yashaydigan Jizzax viloyatidagi Manas qishlogʻining juda qisqa muddatda yangilanishini Qirgʻizistonda katta minnatdorchilik bilan qarshi olindi”, — dedi harakat rahbari. Uning taʼkidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi chegara masalasi qisqa vaqt ichida deyarli hal qilindi.

Oʻz navbatida Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov Oʻzbekiston Prezidenti nomidan “Ala-Too Ayimdari” harakatiga va u orqali shaxsan qardosh Qirgʻiziston xalqiga Oʻzbekiston rahbarining oʻzaro manfaatli oʻzbek-qirgʻiz hamkorligini mustahkamlashdagi xizmatlari eʼtirof etilgani uchun samimiy minnatdorlik va chuqur hurmatni izhor etdi.