Foto: Xabar.uz

Ho‘sh, Saida Mirziyoyeva xalqaro minbarda turib nimalar dedi, O‘zbekistonda ayollar huquqlarini ta’minlash masalaini qay tomonlama ko‘rsatib berdi.

“Hurmatli mehmonlar, aziz hamkasblar! Assalomu alaykum. Bugun ushbu tadbirda sizlar bilan ishtirok etish men uchun katta sharaf va men zoti Oliyalari shayx Manal bint Muhammad bin Roshid Al Maktumga ushbu forum, ayollarning huquqlari va barchaga teng imkoniyatlarni belgilovchi global platformani tashkil etganliklari uchun minnatdorlik bildiraman.

Ayollar va yosh avlod kelajagini, bugungi dunyoda ular duch kelayotgan xatarlarni muhokama qilish maqsadida vizioner va innovatorlarni bir yerga to‘plash hamda biz istagan kelajakka rejalar tuzish uchun Birlashgan Arab Amirliklaridan yaxshiroq joy yo‘q.

Bu forum hamkasblar va do‘stlar bilan dunyoni barchamiz uchun, ayollar va erkaklar uchun yaxshilash borasida fikr almashishda ajoyib imkoniyatdir. Birlashgan Arab Amirliklari taraqqiyot naqadar tez bo‘lishi mumkinligi, buni hech istisnosiz barcha hamjamiyatlar uchun xavfsiz amalga oshirishning yuksak namunasi hisoblanadi. Biz bu yerda bir-birimizdan o‘rganish, bir-birimizni ko‘llab-kuvvatlash, kuch ulashish va ruhlantirish, ayollarning insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishiga hissa qo‘sha olishlari uchun ularning rolini oshirish maqsadida yig‘ilganmiz. Shunga aminmanki, o‘zbek ayollarining ham dunyoga aytar so‘zi bor, ular insoniyatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘sha oladi”, degan Mirziyoyeva.

U o‘zbek xalqi juda ko‘p qiyinchiliklar ko‘rgani, shunga qaramay O‘zbekistonning boy tarixga egaligini aytib o‘tgan. Ayollar ham shu tarixning bir parchasi ekani va ular har sohada a’lo darajada faoliyat yurita olishini ta’kidladi.

“O‘zbekiston xalqi juda ko‘p qiyinchiliklarga duch keldi: tashqi bosqinchilik, urushlar, qahatchilik, totalitar tuzum, qatag‘onlar va ko‘p yillik iqtisodiy beqarorlik. Milliy ozodlik urushlari bo‘ladimi yoki mustaqillik uchun kurash bo‘ladimi, ayollar barcha jabhada fidoyilik, mehnatsevarlik va oilalariga cheksiz muhabbati bilan bevosita ishtirok etdilar.

O‘zbekistonning uzoq tarixi ayollarimizning ham o‘tmishidir. Shoirlar, davlat rasmiylari, diplomatlar, muhandislar, hamshiralar, rafiqa va onalar. Bu nozik sharqona san’at bo‘ladimi, yoki qat’iy va aniq fanlarmi, o‘zbek ayollari barcha sohalarda a’lo darajada ilgarilab bordi, ammo soyada qolib keldi.

Endi ularning gavdalarini tik tutishlari va barcha jabhada o‘z qobiliyatlarini qo‘rquv va cheklovlarsiz ko‘rsatish vaqti keldi”, deya fikr bildirgan Mirziyoyeva.

O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi bo‘lgan Saida Mirziyoyeva bugungi kunda ayollar huquqlarini ta’minlash, ularning siyosiy rolni oshirish va himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham fikr bildirdi.

“O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YeXHT, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki bilan xotin-qizlar huquqlari va inklyuzivligi bilan bog‘liq barcha sohalarda yaqindan hamkorlik qilmoqda. Biz bu yo‘lda qat’iy davom etmoqdamiz. Xalqaro standartlar mamlakatda ijtimoiy hayotga bosqichma-bosqich ta’sir ko‘rsatmoqda, gender siyosati mustahkamlanmoqda va ayollarning kundalik hayoti yaxshilanmoqda. Biroq, ayollarning ona, xotin, qiz va kelin sifatida rolini cheklaydigan muayyan madaniy tushunchalar mavjud. Bu cheklovlar bizning yuqori maqsadlarimizga mos kelmaydi.

O‘tgan ikki yil mobaynida O‘zbekistonda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida“, “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida“,“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida“gi uchta yirik qonun qabul qilindi. O‘zbekistonda yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijasida deputat ayollar soni ikki barobar ko‘paydi: 24 dan 48 taga. Xalqaro sport musobaqalarida 24 nafar ayol medal sohibi bo‘lishgan. Biz barcha sohalarda ko‘zga tashlangan professional ayollarni ko‘ramiz. Bizning maqsadimiz ayollarimizga iqtidori va qobiliyatlarini to‘laligicha ko‘rsata olishlari, shaxs sifatida kamol topishlari uchun farovon muhitni yaratishdan iborat”, deydi Mirziyoyeva xalqaro minbarda turib.

Saida Mirziyoyeva o‘zbek jamiyatida ayollarning rolini ko‘rsatib berishdan o‘zidan, oilasidan misol ketirib o‘tdi. Xususan, u shunday dedi:

“Bugun insoniyat duch kelayotgan doimiy ijtimoiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda ayrim bid’at va qolip tasavvurlar yangi kuch hosil qilmoqda. Ular eng nozik va zaif bo‘lgan ayollar va yosh avlodning hayotini barbod qilishi mumkin. Shunday ekan, barcha yutuqlarimizni shu kuchlarga qarshi va ilg‘or kelajagimiz farovonligiga yo‘naltiraylik. Dubay ayollar tashkiloti ayollar uchun yirik muvaffaqiyatlarda innovatsiya va dono yetakchilikni safarbar etadi. O‘zbekiston ushbu qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi va yangi hamkorlik uchun doimo ochiqdir.

Buvim Ikkinchi jahon urushi yillarida turmush o‘rtog‘ini ham ruhan, ham moliyaviy jihatdan qanday qo‘llab-quvvatlaganini yaxshi eslayman. Onamning otam va bizga, farzandlariga cheksiz madad va mehr-muhabbatini ayamagani doim yodimda turadi.

Bugun biz misli ko‘rilmagan taraqqiyotga erishdik, ammo yangi tahdidlarga ham duch kelyapmiz.

Ushbu jarayonlarning old qatorida turgan ayollar qishloq joylarida resurslar yetishmasligidan aziyat chekmoqda va shaharlarda ishlash orqali oilaviy majburiyatini bajarishga harakat qilib azoblanmoqda. Vaqt bizdan yaxshi ona, faol mutaxassis, jamiyatimizda o‘rnak bo‘ladigan ayol va oilada moliyaviy barqarorlik haqida g‘amxo‘rlik qilishni talab qiladi.

Bugungi taraqqiyotimizga hissa qo‘shgan onalarimiz va buvilarimiz har tomonlama fidokorona mehnat qilganlar, ammo gender tenglik masalasida taraqqiyotni hech qachon orzu qila olmaganlar. Biz bugungi kunda mavjud imkoniyatlar uchun onalarimiz va buvilarimizdan qarzdormiz va stereotiplarni bartaraf etish va kundalik hayotga o‘zgarishlar kiritish uchun kurashayotgan keyingi avlod qizlariga o‘z yutuqlarimizni saqlab qolish va oshirish uchun mas’ulmiz.

Ayollarimiz jahon taraqqiyotiga hissa qo‘shishga qodir, bizning vazifamiz esa buning uchun qulay muhit yaratishdir. Eng qiyin vazifa — ular eng yaxshisiga loyiq ekanliklariga ishontirishdir. Oldimizda qiyin yo‘l bor, lekin bunga arziydi. Xotin-qizlarni kuchaytirish orqali biz millatni va butun insoniyatni mustahkamlaymiz!”