Foto: Sof.uz

Eng avvalo, shuni qayd etish lozimki, “15 sutka” bu maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan tayinlanadigan maʼmuriy qamoqqa olish jazosidir.

Maʼmuriy huquqbuzarlik deganda qonun hujjatlariga binoan maʼmuriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi gʻayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi.

Oʻzbekistonda sodir etilgan qilmishning maʼmuriy huquqbuzarlik ekanini va javobgarlikka yoki jazoga sazovorligi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi bilan tartibga solinadi.

Maʼmuriy jazo javobgarlikka tortish chorasi boʻlib, u maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning oʻzi tomonidan ham, boshqa shaxslar tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida qoʻllaniladi. Jazo tayinlashdan maqsad faqat huquqbuzarni jazolash emas, balki mazkur jazo tayinlash orqali uni oʻzi tomonidan va boshqa shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish hamdir.

Bizning qonunchilik boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jarima, maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish, maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa boʻlgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish, maʼmuriy qamoqqa olish hamda chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin. Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun yuqorida qayd etilgan oltita jazodan boshqasini tayinlash mumkin emas.

Maʼmuriy qamoqqa olish jazosi uch sutkadan oʻn besh sutkagacha muddatga, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun — oʻttiz sutkagacha muddatga qoʻllaniladi. Maʼmuriy qamoqqa olish tuman (shahar) maʼmuriy sudi tomonidan, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, shuningdek harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan belgilanishi mumkin.

Shu oʻrinda ushbu jazo turini tayinlashni oʻziga xos jihatlarini tahlil qilib oʻtsak. Maʼmuriy qamoqqa olish jazosi qonunchilikka koʻra faqatgina maʼmuriy sudlar tomonidan tayinlanishi mumkin. Favqulodda holat sharoitida boshqa mansabdor shaxslar tomonidan tayinlanishi ham mumkin.

Maʼmuriy qamoqqa olish jazosi faqatgina Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida koʻrsatilgan huquqbuzarliklar uchun qoʻllanishi mumkin. Yaʼni, sodir etilgan qilmishni maʼmuriy huquqbuzarlik ekanligini ifodalovchi moddaning sanksiya qismida maʼmuriy qamoqqa olish jazo chorasi nazarda tutilgan boʻlsagina ushbu jazoni qoʻllashga qonun yoʻl beradi.
Mazkur jazo aslida favqulodda jazo chorasi boʻlib, asosan ogʻir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan va ijtimoiy xavfi yuqori boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun tayinlanishi zarur boʻladi. Sudya jazo tayinlashda sodir etilgan huquqbuzarlikning xususiyatini, huquqbuzarning shaxsini, uning aybdorlik darajasini, mulkiy ahvolini, javobgarlikni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarni hisobga oladi. Shu holatlarni oʻrganib, shaxsga sodir etgan maʼmuriy huquqbuzarligi uchun maʼmuriy qamoqqa olish jazosi tayinlanmasdan uni tarbiyalab boʻlmaydi degan asosli xulosaga kelganidagina sudya, unga nisbatan ushbu jazoni qoʻllashi lozim boʻladi.

Shuningdek, qonunda maʼmuriy qamoqqa olish chorasini homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarga, oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolasini yakka oʻzi tarbiyalayotgan shaxslarga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emasligi belgilangan. Sud tomonidan mazkur shaxslarga nisbatan maʼmuriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan taqdirda esa, mazkur qaror bekor qilinadi.

Albatta, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilishini qayd etish, surishtiruv ishlarini olib borish va maʼmuriy ishni yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari (mansabdor shaxslari) tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan maʼmuriy ish yuritilganda, ularni harakatlarini maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan modda bilan malakalash holatlari ham uchrab turadi. Bu holat odamlar orasida “zakaz” ish sifatida eʼtirof etilib kelishi ham sir emas.

Bu kabi amaliyot muqaddam ayrim jinoyatlar ochilmay turganida gumonda boʻlgan shaxslarni goʻyoki mayda bezorilik sodir etganligi sahnalashtirilib, suddan maʼmuriy qamoqqa olish jazosini olishga erishishga boʻlgan harakatlarda kuzatib kelganmiz. Bu holatda sudlar faqatgina qonunga asoslangan holda, bir inson taqdirini hal qilayotganini unutmasdan va har qanday taʼsirlarga eʼtibor qaratmay qaror qabul qilishi va maʼmuriy ishlarni yuritishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar tomonidan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarga yuzasidan tegishli tartibda tanqidiy munosabat bildirib qolishi lozim boʻladi.

Sudlar tomonidan yuqorida qayd etilgan barcha mezonlar va holatlarga eʼtibor qaratgan holda ishlarni hal qilinishi xalq orasida “15 sutka” deya nomlanadigan ushbu jazo turini haqiqatdan adolat tarozisida tortilgan holda tayinlanishini taʼminlab beradi, deyiladi maqolada.

Oʻ.Poʻlatov, Fargʻona viloyat maʼmuriy sudi sudyasi

A. Akramov, Toshloq tuman maʼmuriy sudining raisi