Foto: Kun.uz

Yaqin kunlarda Turkiya koronavirusni aniqlash uchun mahalliy ishlab chiqarilgan to‘plamlarni O‘zbekistonga va Qirg‘izistonga eksport qiladi. Bu haqda Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘ja juma kuni aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu to‘plamlarda tegishli natijalarni taxminan ikki soat ichida olish mumkin, deb yozmoqda Reuters.

Ko‘janing xabar berishicha, Turkiyada koronavirusni aniqlash uchun ishlab chiqarilgan to‘plamning aniqlik darajasi 99,6 foizni tashkil etadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘plam Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga muvofiq ishlab chiqarilgan va 90-120 daqiqada natijani chiqarib berishi mumkin, bu Germaniya yoki Fransiyadagi ko‘rsatkichdan biroz past.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning har biri 10 000 dona to‘plam so‘ragan hamda Turkiya yaqin kunlarda ularni eksport qilishni boshlaydi.

“Biz olingan talabga muvofiq ularni eksport qilamiz”, deyiladi xabarda.