Foto: O’zA

Davra suhbatida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan qirolligining Oʻzbekistondagi elchisi janob Tim Torlou, Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, huquqshunos jurnalist Karim Bahriyev va respublikamizning barcha viloyatlarining korrupsiya mavzusida qalam tebratuvchi jurnalistlari qatnashdi.

Jurnalistlar tomonidan korrupsiya mavzusini yoritish boʻyicha ular duch kelayotgan qiyinchiliklar borasida soʻz bordi. Xususan, jurnalistlar sud jarayonlarida erkin qatnasha olmasliklari, baʼzida qatnashsalar-da jarayonni video yoki ovozli tarzda muhrlashga yoʻl qoʻyilmasligi boʻyicha eʼtiroz bildirdilar.

Foto: O’zA

OAV vakillari Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevdan qachon sud jarayonlarida jurnalistlar erkin qatnasha oladi, degan savolni oʻrtaga tashladilar. Rasul Kusherbayev mazkur savol yuzasidan quyidagi fikrlarini bayon qildi. “Ochiq sudda agar unda maxfiy, tijorat, oilaviy va davlat sirlari boʻlmasa shunga qaramasdan sudya jurnalistning jarayonni yozib olishidan choʻchisa, bunday Sudyadan voz kechish kerak. Men bunday sudyalarni ishdan boʻshatilishi tarafdoriman. Agar, sud jarayoni bir necha kun davom etsa, Sudya oʻsha jurnalistdan sud yakuniy hukmni bermaguncha yozib olingan maʼlumotlarni eʼlon qilmaslikni soʻrashi mumkin. Biroq, sud har bir jarayonni jurnalist kuzatuvi va ishtirokida boʻlishiga qarshilik qilmasligi kerak.

Amaliyotda biz eshityapmizki, sudya birinchi va ikkinchi kunlarda boshqa pozitsiyada turadi va yakuniy sud ishida uning qarorlari oʻzgarishi mumkin. Yaʼni amaliyotda koʻrinadiki, kimgadir qandaydir bosimlar boʻlayotgan boʻlishi mumkin. Sud ayrim holda inobatga olgan dalillar keyingi hollarda chiqarib yuborilishi ham kuzatilyapti. Bu kamchiliklarni cheklash uchun jurnalistlarning suddagi ishtirokni taʼminlash kerak. Sudyalar ochiq sud jarayoniga jurnalistni kiritmasa va unga yozib olish uchun imkoniyat bermasa, demak u oʻz faoliyatini ochiq olib borishdan qoʻrqadi. Bunday sudyalardan voz kechishimiz kerak. Shunchaki, sudya xohlamagani uchun jurnalistning suddagi ishtiroki cheklanmasligi kerak.

Baʼzi, sudyalar buni qabul qila olmayapti. “Biz mustaqilmiz, nima uchun tuman deputatiga axborot berishimiz kerak?”, deydi ayrim sudyalar. Demak, faoliyati haqida kimgadir ochiq axborot berishdan qoʻrqqan sudyani qandaydir kamchiligi bor. Agar sudya toʻla ochiq va mustaqil boʻlmas ekan, korrupsiya avj olaveradi, ochiqlik, shaffoflik boʻlmaydi. Adolatli yaxshi sudyalarimiz koʻp. Ammo, bir-ikkita adolatsiz sudyalar jamoatchilik noroziligi uchun yetarli boʻlmoqda. Chunki, sudlarda inson taqdiri hal boʻladi”

Bu borada huquqshunos jurnalist Karim Bahriyev ham oʻz takliflarini bayon qildi. Bahriyev ham jurnalistlarni sud jarayonini yoritishdan cheklashni toʻgʻri emasligini aytmoqda.

“Bizning qonunchilikka koʻra sudga jurnalist materiali taʼsir oʻtkazmasligi uchun, sud qarori chiqarmaguncha, tergov ketayotgan jarayonda jurnalist materialini eʼlon qilishga ruxsat etilmaydi. Aslida, bu notoʻgʻri ish. Sud toʻxtatilishi, orqaga surilishi yoki qoldirilishi mumkin. Lekin, xalq tergov jarayonida nima boʻlayotganini bilishi kerak-ku! Jurnalistga tergov jarayonini yoritishga imkon berish kerak. Faqatgina jurnalist maqolasida kimnidir, oʻgʻri yoki aybdorga chiqarib qoʻymasligi lozim. Jurnalist kimnidir qaysidir jinoyatda ayblanmoqda, deyishi toʻgʻri boʻladi. Shu oʻrinda “u ayblanmoqda”, deyish uchun ham jinoyat kodeksining qaysi moddasiga tayanilganini dalil sifatida keltirishi lozim boʻladi. Maqolaning sudga taʼsir etishi oʻrinsiz bahona. Sababi, sudya ertalab rafiqasi bilan urishib chiqqan boʻlsa, ham bu uni sud jarayonida qaror chiqarishiga taʼsir etmasligi kerak. Ishga kelishda mashinasini urib yuborgan boʻlsa ham jahl ustida sudda qarorni boshqacha qabul qilishi toʻgʻri emas-ku. Shu oʻrinda jurnalist maqolasining sudga tasir qilishi va bu asosda sudya notoʻgʻri qaror qilishi mumkin degan vajlar kulgili. Sudya oʻqigan maqola yoki kayfiyatiga qarab emas, balki mavjud qonunchiliklar asosida qaror chiqarishi shart. Shunday ekan, hukmga taʼsir qiladi, deb jurnalist yoʻlini toʻsish toʻgʻri emas. VVS, Yevronyus va boshqa xalqaro

Ommaviy axborot vositalarini sud jarayonlarining borishini yoritayotganlarini koʻp kuzatamiz. Misol uchun, kechagina impichment boʻyicha jurnalistlar protsedura tugashini kutib oʻtirganlari yoʻq. Oʻzbekiston jurnalistlari ham sud jarayonlarini yoritishda, sudyaning yakuniy qarorini kutib yozmay oʻtirishlari toʻgʻri emas”.