Foto: O’zA

Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida barpo etilgan bir gektarlik issiqxonada qishning chirillamasida qulupnay pishib turgani fikrimizning dalilidir, deyiladi xabarda.

Foto: O’zA

– Yanvarning boshida nishona hosilni uzib olgandik, – deydi “Universal yevrofud treyding” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Q.Qurbonov. – Hozir ham har kuni qator oralab, qulupnayning pishgani uzilib, peshma-pesh bozorga chiqarib turilibdi.

Tadbirkorning aytishicha, mazkur jarayon olti oy davom etadi. Soʻng “ona ekin” meva berish oʻrniga yonidan “bolacha” novdalarni chiqaradi. Bu esa qoʻshimcha qulupnayzor tashkil etish imkonini beradi. Yaʼni qazib olingan koʻchatlar boshqa tuvaklarga oʻtqazilib, ekin maydoni kengaytiriladi.

Foto: O’zA

Janubiy Koreya texnologiyasi asosida, gidroponika uslubida hosil olinayotgan mazkur issiqxonada agrotexnik tadbirlarning deyarli barchasi avtomatlashtirilgan. Masalan, ekinlar maxsus jadval asosida tomchilatib sugʻoriladi. Obihayot esa zamonaviy qurilma yordamida mineral oʻgʻit va boshqa foydali unsurlar bilan boyitiladi. Soʻng kompyuter dastur asosida belgilangan vaqtga koʻra paykalga suvni uzatadi. Qulupnay gullarini changlatish ham oʻziga xos uslubda bajariladi. Issiqxona ichida, xuddi qushning ini singari qutichalarga joylashtirilgan “xorijlik ari”lar vaqti-vaqti bilan indan chiqib, gullarni changlatadi.

Asosiysi, qishda pishgan qulupnayning mazasi qanaqa boʻlarkin? Hammani qiziqtiradigan va bizni ham befarq qoldirmagan shu savolga javob izlab mevadan bir-ikkita tatib koʻrdik. Ochigʻi, quyosh koʻrmay yetilgan qulupnaylar judayam nordon boʻlsa kerak, degan xayolga borgandik. Yoʻq, biz oʻylagandek emas ekan. Yaʼni qulupnay nihoyatda totli ekan.

Qulupnaylar yetishtirilayotgan issiqxonaning bir qismida – 2 gektar maydonda hosilga kirgan yapon pomidori navini tanlashda ham serhosilligi va kasallikka chidamliligiga alohida eʼtibor qaratilibdi. Gektaridan 80-100 tonna hosil olish imkoniyati mavjud pomidor koʻchatlaridagi shoda-shoda sabzavotlarni koʻrib, diling yayraydi. Aslida shunday tuygʻuni issiqxonaga kirishingiz bilan his etasiz. Chunki keng va yorugʻ, ozoda va shinam issiqxonada yurish haqiqatan maroqli. Ayniqsa, tashqarida etni junjiktiradigan sovuq havo hukmron paytda ichkaridagi iliq havodan tanang bahra olarkan. Darvoqe, inshootdagi moʻtadil havoni boshqarish ham kompyuter yordamida amalga oshirilar ekan.

– Mabodo harorat talab etilganidan past darajaga tushayotsa, issiqxonaning tepa qismidagi maxsus oʻramalar avtomatik ravishda yopilib, issiq havo yuqoriga chiqib ketishining oldi olinadi. Yozda esa tashqarida kun oʻta isigan paytda ayni shu uslubda ichkari qizib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, misoli konditsioner, – deydi ish yurituvchilardan biri.

Hozircha ichki bozorga mahsulotlarini taqdim etayotgan tadbirkorlarning niyati kelgusida xorijga chiqish. Bu borada jahon bozorining talab va taklifi oʻrganilmoqda. Muhimi, harakatchan hamyurtlarimizning intilishlari natijasida nafaqat bozorlarimiz xaridorgir, tansiq mahsulot bilan boyiyapti, balki qoʻshimcha ish oʻrinlari ham yaratilmoqda. Ayni paytda korxona issiqxonalarida 40 nafar kishi doimiy ish bilan band. Shuningdek, 80 ga yaqin kishi mavsumiy yumushlarga jalb etilmoqda. deyiladi xabar so’ngida.