Foto: Oxo.uz

Deputat Rasul Kusherbayevning telegram kanalida  xabar berishicha, eshituvda deputatlar qo‘mita raisidan bir qator masalalarni hal etish talabini qo‘ydilar. Jumladan, 2016-yil 20-yanvarda Bojxona kodeksi qabul qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar sohada qonunosti hujjatlar ko‘pligi sababli bunday hujjatlarni kamaytirish masalasi qo‘yildi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 11-mayda 925-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan «Tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirish tartibi» tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirish bilan birga, unda korrupion illatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Ushbu tartibda belgilangan joydan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun har bir xodimning ish vaqti uchun «Yevro» valyutasida hisob-kitob amalga oshirilishini qanday tushunish mumkin, degan asosli savol qo‘yildi. Tartibda belgilangan joyga bojxona xodimining yetib borishi uchun sarflanadigan vaqt ham hisobga olinmagan va natijada amaliyotda qayerdadir hisoblayapti, qayerdadir esa yo‘q. 

Eshituv yakunida Bojxona qo‘mitasi raisidan ushbu tartibni ham bekor qilish yoki o‘zgartirish talab qilindi, deb yozmoqda deputat.