Foto: O’zA

Shu kabi savollarga Favqulodda vaziyatlar vazirligida tashkil etilgan seminarda mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda joylashgan 237 mingdan ziyod ob’ektning 84 foizi tadbirkorlik sub’ekti sanaladi. Ular yong‘in kelib chiqish xavfi bo‘yicha yuqoriligi va alanganing qisqa fursatda keng maydonlarga tarqalib ketish xususiyatiga ham ega.

Mamlakatimizda 2019 yilda sodir bo‘lgan yirik yong‘inlar tufayli ayrim tadbirkorlar jiddiy zarar ko‘rgan. Aytaylik, 25 oktabr kuni Andijon shahrida joylashgan Kichik sanoat zonasi hududidagi sexlarda yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in oqibatida “DINAR TEXTILE” MChJga qarashli quritish, matoga ishlov berish, mahsulotlarni saqlash ombori va bo‘yoqlash sexlari hamda jamiyat ma’muriy binosining tomi, ichki qismlari yongan. Achinarlisi, yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan yong‘in-qutqaruv xizmati xodimi tan jarohati olib, halok bo‘lgan. Moddiy zarar miqdori taxminan 50 milliard so‘mni tashkil etgan.

8 noyabr kuni esa Toshkent shahar Sergeli kichik sanoat zonasi hududidagi “Magna-mebel” MChJga qarashli mebel ishlab chiqarish sexi va “Useful-biznes-grup” sintefon ishlab chiqarish sexining tomi va ichki qismlari yonib zararlangan.

Binolardan va yangi texnologiyalardan uzoq vaqt foydalanish, undan foyda ko‘rish uchun barcha xavfsizlik talablariga rioya qilinishi amaldagi qonun hujjatlarida, qoidalarda belgilangan. Lekin ko‘plab ob’ekt rahbarlari bunga e’tibor bermaydi. Bu esa katta talafotlarga sabab bo‘ladi. Natijada tadbirkorga, investorga, ishchi-xizmatchilarga va davlatga ham zarar yetkazadi.

– 2019 yilda sodir bo‘lgan 11 ming 705 yong‘indan taxminan 10 foizi aynan tadbirkorlik sub’ektlariga to‘g‘ri kelmoqda. Yong‘inlar davlat ob’ektlari va yashash uylarida sodir bo‘lishi sezilarli darajada kamayishiga erishilgan. Davlat tasarrufidagi ob’ektlar asosan ta’lim, tarbiya, davolash muassasalari va boshqa ma’muriy binolarga to‘g‘ri kelib, nazorat ishlari olib borilishi natijasida yong‘inlar, ularning oqibatlari keskin kamayib bormoqda, – dedi favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov.

Ta’kidlanishicha, tadbirkorlik sub’ektlari davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan 10 kundan oshmagan muddatda belgilangan talablarga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Biznes-ombudsman bilan kelishilgan ro‘yxatga muvofiq, avtomobillarga siqilgan va suyultirilgan gaz quyish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan bir yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Bu profilaktik tadbirlar davomida tadbirkorlarga huquqiy ta’sir choralarini ko‘rish emas, balki ularning yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish asosiy maqsad etib belgilangan.