“O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi yordamida COVID-19 haqida film tayyorlashga kirishdi.

Foto: “O‘zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmati

Film kinoxronika ko‘rinishida bo‘lib, unda virusning O‘zbekistonda tarqalishi, shuningdek COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar aks ettiriladi.

Unda koronavirus bilan kasallanganlar uchun qurilayotgan shifoxonalar haqida lavhalar, hukumat a’zolari, tibbiyot xodimlari, ekspertlar, huquq-tartibot idoralari vakillari hamda tuzalib chiqqan bemorlarning intervyulariga keng o‘rin beriladi.

Bugun qahramonlarimiz boshidan kechirayotgan og‘ir sinovlar haqida hikoya qilish orqali biz O‘zbekistonda COVID-19’ga qarshi olib borilayotgan shiddatli kurash manzaralarini, davlatimiz tomonidan fuqarolarimiz va iqtisodiyotimizni himoya qilish uchun amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rsatishni maqsad qilganmiz, deydi “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Biz shuningdek, bu jarayon butun dunyoda, xususan bizning mamlakatimizda qanday vujudga kelgani va rivojlanganini, bu mudhish pandemiyaga qarshi qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni ko‘rsatib beruvchi videmateriallar bazasini ham yaratamiz. Ana shu baza tufayli kelgusida tadqiqotchilar va ekspetlar COVID-19’ga qarshi kurashda O‘zbekiston tajribasini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Biz ayni paytda yangi O‘zbekistoninng jiddiy sinovlar davridagi tarixini yozish va suratga olishga kirishganmiz”, deyiladi xabarda.