Videodagi o‘smirlarning suhbatidan ularning Andijon viloyatidan ekanligini bilish mumkin. Ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida ushbu videodagi yoshlarning shaxsi aniqlangan. Videodagi holat esa mazkur o‘smirlar tomonidan sahnalashtirilganligi ma’lum bo‘lgan.

Stulda qo‘li bog‘liq holda o‘tirib, jabrlanuvchi rolini o‘ynagan, Shahrixon tumanida yashovchi 10-sinf o‘quvchisi S.O.ning ma’lum qilishicha, video uning uyida hashar bo‘layotgan vaqtda olingan. S.O. o‘z do‘stlari bilan uyni ta’mirlash ishlarini olib borayotgan vaqtda, uning kiyimiga qizil bo‘yoq tomgan va qonga o‘xshab qolgan. Shundan so‘ng do‘stlar mazkur videoni tasvirga olishga qaror qilgan. Uning aytishicha, bu video ortidan uning ota-onasi betob bo‘lib qolgan.

O‘smirlarning ikkinchisi — videoda qo‘lidagi pichoq bilan aks etgan yigit, 2002-yilda tug‘ilgan 11-sinf o‘quvchisi K.Q.ning aytishicha, ular mazkur videoni shunchaki o‘zlari uchun tasvirga olgan, uning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketishi haqida o‘ylamagan.

Mazkur holatni tasvirga olgan uchinchi o‘smirning so‘zlariga ko‘ra, videodagi gaplar to‘qima bo‘lgan, ular shunchaki videoning qiziq chiqishi uchun aytilgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Shahrixon tumani IIB tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. To‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilinishi uchun tuman hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga yuboriladi, deyiladi xabarda.