Foto: Sof.uz

Ma’lum bo’lishicha, shu kuni Chilonzor tumani IIBga “3-Charx Komolon” mahallasi, Baynalmilal ko‘chasidan oqib o‘tuvchi Bo‘rijar kanalidan yoshi taxminan 55—60 da bo‘lgan, osiyo millatiga mansub ayol kishining jasadi tan jarohatlarisiz topilgani haqida xabar kelib tushgan.

Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida jasad Shayxontohur tumanida yashovchi 1954-yilda tug‘ilgan N.A.ga tegishli ekanligi aniqlangan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, N.A.ning o‘limi yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik bilan berkilishi natijasida mexanik asfiksiyadan kelib chiqqan.

Shuningdek, N.A. 2019-yilning sentabr oyida Rossiya va Hindistonga borib, onkologik kasallik bo‘yicha davolanib kelgani ma’lum bo‘lgan. Voqeadan uch kun avval ayolning akasi onkologik kasallikdan vafot etgani va ayol bundan siqilib yurgani aniqlangan.

Hozirda Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.