Foto: O’zA

2020 yil 5 fevral kuni O‘zbekiston tumani Hayotobod qishlog‘ida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan Abduqodirov Muhammadbobur Munavvar o‘g‘li o‘zi istiqomat qiladigan uy hammomiga yuvinish uchun kirib ketib, bir necha soat davomida qaytib chiqmagan. Shundan so‘ng uning yaqinlari hammom eshigini buzib kirishganida yigit jonsiz holatda yotganligi ma’lum bo‘lgan.

Garchi fuqaro hammomdayoq hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, yaqinlari Qo‘qon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borishgan. Qabul diagnostika bo‘limida reanimatologlar tomonidan jasad zudlik bilan ko‘rilganda, biologik o‘lim allaqachon sodir bo‘lganligi tasdiqlangan.

Bu haqida darhol huquq-tartibot organlariga xabar berilgan va murda sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Qo‘qon shahar sud tibbiy ekspertizasiga yuborilgan.
Murda dastlabki sud tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilganida unda is gazidan zaharlanishga xos bo‘lgan maxsus spesifik belgilar aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Muhammadbobur Abduqodirov til o‘rganish maqsadida 2019 yil 15 noyabrda Xitoy davlatiga borgan bo‘lib, 31 yanvar kuni Koreya davlati orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

U yurtimizga qaytib kelgan kuniyoq O‘zbekiston tumanidagi 71-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va ikki haftalik nazoratga olingan bo‘lib, unda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmagan. Buni Muhammadbobur Abduqodirovning ambulator kartasidagi ma’lumotlar hamda yaqinlari bilan o‘tkazilgan suhbat ham tasdiqladi.

M.Abduqodirovning Xitoy davlatidan kelganligi sababli epidemiologik ko‘rsatmaga asosan olingan namunalar Farg‘ona viloyati SEOM virusologiya laboratoriyasida tekshirilib, unda gripp, koronavirus “2019-nCov” va boshqa virus turlari topilmadi.

Fuqaroning o‘limi dastlabki sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra is gazidan zaharlanish oqibati bo‘lib, uni ayni paytda Xitoy davlatida tarqalgan koronavirus xastaligi bilan hech qanday bog‘liqlik alomatlari aniqlanmadi.

Xitoy davlatidan kirib kelgan shahrimiz fuqarolari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tana harorati ko‘tarilgan, shamollash alomatlari bor va boshqa yuqumli kasallik belgilari mavjud bo‘lgan fuqarolar aniqlanmadi. Ular profilaktik maqsadda 14 kunga tibbiy kuzatuvga olingan.