Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu haqida 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingan.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, profilaktika inspektori endilikda mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. U ham 5 yil muddatga tayinlanadi.

Mahallalardagi turli yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan, biroq kutilgan samarani bermay kelayotgan 12 ta jamoatchilik komissiya va tuzilmalari ham optimallashtiriladi.

Yig‘ilishda mahallalarning o‘zida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Masalan, bugungi kunda 1 ming 234 ta fuqarolar yig‘ini turli tashkilotlar yoki tadbirkorlarga tegishli binolarda joylashgan. Yana mingdan ziyodi ijtimoiy muassasalarda, 78 tasi qo‘shni mahalla yig‘inlari binolarida faoliyat ko‘rsatmoqda, 48 ta mahalla binosi avariya holatida. Mahalla binolari uchun kommunal to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha maqbul va yagona tartib ishlab chiqilmagan.

Mahalla tizimida kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan. Mahalla xodimlarini ularga bog‘liq bo‘lmagan ishlar, yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, bu borada sezilarli o‘zgarish bo‘lmayapti.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari zimmasiga 200 dan ortiq vazifa yuklangan. Lekin bor-yo‘g‘i 2 ta shtat birligi bilan shuncha vazifani bajarish mumkinmi, deb o‘ylab ko‘rilmagan. Hech bir hokim yoki kengash mahallalar faoliyatining samaradorligini oshirish masalasini muhokama qilmagan.