AQSH prezidenti Donald Tramp kecha, 30 mart kuni Rossiya COVID-19 pandemiyasi munosati bilan AQShga tibbiyot buyumlari ortilgan samolyot yuborganini maʼlum qildi.

Foto: EADaily

“Oʻylaymanki, oxir-oqibat yanada kuchliroq boʻlamiz. Biz koʻp narsani oʻrgandik. Aytishim lozimki, koʻp davlatlar bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Xitoy bizga baʼzi bir narsalarni joʻnatdi, bu juda ajoyib edi. Rossiya bizga tibbiyot buyumlari toʻldirilgan juda-juda katta samolyot joʻnatdi, bu yoqimli  edi. Boshqa davlatlar bizga koʻp narsa yuborishdi, men xush yoqadigan tarzda hayron boʻldim”, dedi Amerika yetakchisi Oq uyda koronavirus boʻyicha matbuot anjumanidagi nutqida.

Biroq Tramp yuborilgan yordamga oid boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.

Hozirgi vaqtga kelib AQShda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 164 mingdan oshdi.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 785 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 37 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.