Foto: O’zA

Shu o‘rinda qayd etish joizki, joriy yil 24 yanvarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasida ham Sog‘liqni saqlash sohasiga alohida to‘xtalib, jumladan, tizimni moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida majburiy tibbiy sug‘urtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish bo‘yicha barcha tashkiliy choralar ishlab chiqilib, ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanishi aytib o‘tilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Hans Klyuge o‘zaro muloqotlarda Sirdaryo viloyatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ko‘magida tibbiy xizmatlarning yangi modellari bo‘yicha qo‘shma pilot loyihasi boshlanganligini ta’kidlab, uni joriy etishda JSST dunyo tajribasidan kelib chiqib, har tomonlama amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi. Ushbu amaliyot butun mamlakatimiz bo‘ylab bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.

Umuman olganda, nafaqat majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish, balki tibbiyot sohasini moliyalashtirishni takomillashtirish, zamonaviy boshqaruv tizimi va hududlarda sog‘liqni saqlashni tashkil etishning “klaster” modelini shakllantirish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasini yanada kuchaytirish borasida ham O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Hans Klyuge tizimli ravishda hamkorlik qilishga kelishib oldi.