Foto: O’zA

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Yo‘ldoshev ta’kidlashicha, Prezidentimizning 2020 yil 30 yanvardagi “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizimda yangi rivojlanish davrini boshlab berdi.

Ma’lum qilinganidek, vazirlik 2018-2019 yillarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 1412 bitimni imzolagan. Bugungi kunga qadar 992 loyihaga imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Pirovardida, joriy yilning 1 yanvar’ holatiga ko‘ra, 59,9 ming quvvatga ega 692 maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘z faoliyatini boshlagan. Shuningdek, 144,7 ming quvvatga ega 6084 oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilgan.

O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 6776 tani tashkil etib, ularda qamrab olingan bolalar soni 204 mingdan oshdi. 2020 yilda yana 2 mingta oilaviy hamda 420 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 300 maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-jihozlash ishlari davom etmoqda. Ular joriy yilning mart oyiga qadar o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda. Buning natijasida 31,7 ming bola maktabgacha ta’limga qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan, biroq moliyalashtirilmagan 420 loyiha uchun 858,8 milliard so‘m mablag‘ga ehtiyoj mavjud. 2018-2019 yillarda maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlaridan ekvivalenti 200 million AQSh dollari miqdoridagi kreditlar jalb qilingan.

– Mazkur qaror maktabgacha ta’lim tizimini, shu jumladan, maktabgacha ta’lim xizmatlari nodavlat sektorini yanada rivojlantirishga zamin bo‘ladi, – deydi Davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i A.Hakimov. – Qolaversa, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim sohasidagi davlat-xususiy sherikligi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik bitimlarini moliyalashtirish maqsadida Moliya, Investisiyalar va tashqi savdo, Iqtisodiyot va sanoat, Tashqi ishlar vazirliklari hamkorlikda xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar, boshqa donorlarning xayriya ehsonlari, kreditlari va grantlarini jalb etish yuzasidan tashkiliy ishlar olib bormoqda.