Foto: O’zA

Oʻzim 20 yil muqaddam silga qarshi kurashish loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq va Qoʻngʻirot tumanlarida ish olib borganman. Oradan 20 yil oʻtdi. Natijalar juda ajoyib. Oʻylaymanki, Oʻzbekistonning bunday tajribasini boshqa mamlakatlarga ham namuna sifatida tavsiya qilgan boʻlardim, – dedi Hans Klyuge.

Mehmon Oʻzbekistonning sil kasalligiga qarshi kurashda erishgan natijalarini eʼtirof etishi bejiz emas. Davlatimiz rahbarining “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda ushbu hujjat bilan qabul qilingan “2019 – 2021-yillarda sil va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish kompleks chora-tadbirlari” dasturi soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, mamlakatimizda sil kasalliklarini davolash boʻyicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, davolash samaradorligi 87 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu koʻrsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, mazkur natija koʻlami yana-da yaxshiroq anglashiladi. Yana bir eʼtirofli jihati, JSST maʼlumotiga koʻra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari boʻyicha Oʻzbekiston ftiziatriya xizmati Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida ikkinchi oʻrinni egallab, kuchli uchlikdan oʻrin oldi.