O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiyadagi yashab turgan fuqarolarni vatanga qaytmay turishga chaqirdi. Bu haqida “Sof” nashri xabar bermoqda.

Foto: Azernews

Turkiyadagi O‘zbekiston diplomatlari tomonidan yuborilgan xatda yozilishicha, bunga 26 mart kuni Toshkent-Istanbul reysida kelgan 240 kishi orasida 7 nafar insonda koronavirus aniqlangani bilan izohlangan.

“Aziz vatandoshlar! Sizlardan kimda-kim Turkiyada tashab turgan bo‘lsa, vatanga qaytishga shoshilmaslikka chaqiramiz. Siz yoki qaytish niyatida bo‘lib turgan yaqinlaringiz sog‘lom bo‘lishi mumkin. Biroq, 6 soatdan ortiq samolyotda uchish davomida atrofdagi boshqa yo‘lovchilar virus bilan kasallangan bo‘lishlari ehtimoli o‘ta yuqori. Bundan tashqari, eng kamida 14 kunlik karantin davrida ham kasallikni yuqtirib olmasliklariga hech kim kafolat bera olmaydi.

Bayon qilinganlardan kelib chiqib, sizlarni yoki yaqinlaringizni imkon darajasida vatanga tezroq qaytishga shoshilmaslikka chaqiramiz”, deyiladi Istanbuldagi konsulxona xabarida.