Koronavirusning yangi turidan davolanganlar taxminan bir hafta davomida infeksiya tashuvchi bo‘lib qolishlari mumkin.

Foto: Reuters

2020 yilning 28 yanvardan 9 fevralgacha davolangan 16 bemorning ma’lumotlari asosida Pekin tibbiyot markazidagi xalqaro olimlar guruhi shunday xulosaga keldi. Tekshiruvdan o‘tgan bemorlarning o‘rtacha yoshi 35,5 yoshni tashkil etdi. Ularning barchasi to‘liq davolandi, salbiy virusli holat polimeraza zanjiri reaksiyasi (PCR) yordamida ikkita ketma-ket sinovlar bilan tasdiqlandi.

Tadqiqot ishtirokchisi pulmonolog Lokesh Sharma so‘zlariga ko‘ra, kuzatuv ostida bo‘lgan bemorlarda kasallik turlicha bo‘lgan. Inkubatsion davri o‘rtacha besh kun, intensiv terapiya davri sakkiz kun davom etdi. Hamma bemorlarda isitma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i va nafas qisilishi kabi simptomlar bor edi. Ikki bemorda surunkali kasalliklar bo‘lgan, ammo ular klinik ko‘rinishga ta’sir qilmagan.

“Tadqiqotimiz natijasi shuni ko‘rsatdiki, Covid-19 bilan kasallanganlarning yarmida to‘liq davolanishdan keyin ham bir kundan sakkiz kungacha virus tanada qoladi”, — dedi shifokor.

Tadqiqot mualliflaridan biri, tibbiyot fanlari doktori Liksin Se tushuntirganidek, yangi koronavirusning karantin muddatini taxminan bir-ikki haftaga uzaytirilishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muddat tuzalgan bemorlarning boshqalarga yuqmasligiga ishonch hosil qiladi.

Olimlarning ta’kidlashicha, hozirgi paytda, tadqiqot natijalari immuniteti zaif bo‘lgan keksa bemorlar uchun taalluqli bo‘lmasligi mumkin. Ularning tanasida Covid-19 uzoqroq saqlanib qolishi mumkin.

Mualliflar butun dunyodagi hamkasblarini statsionar va klinikalardan bo‘shatilgan bemorlarni diqqat bilan kuzatishda davom etishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 664 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 30 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.