Bugun Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining koronavirus infeksiyasiga qarshi qahramonlarcha kurashgan bir guruh tibbiyot xodimlari yuksak ehtirom bilan kuzatildi. Endilikda ular o‘rnida navbatdagi qahramon tibbiyot xodimlari faoliyat boshlashadi, deya xabar bermoqda Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Foto: SSV axborot xizmati

Davlatimiz rahbari ham so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator videoselektor yig‘ilishlarida, ikki marta xalqimizga yo‘llagan murojaatlarida ham shifokorlarimiz mehnatiga alohida e’tibor qaratdilar.

Foto: SSV axborot xizmati

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ular faoliyatiga yuqori baho berilib: “Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda”, deya o‘z hayoti va sog‘ligini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildirganlari ham bejiz emas.

Foto: SSV axborot xizmati

Shuningdek, Prezidentimizning “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotda bo‘ladigan, bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi.
Yana bir e’tiborli jihati, xalqimiz tomonidan tibbiyot xodimlari va koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda faol mehnat qilayotgan insonlarga dalda bo‘lishmoqda, imkon qadar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ushbu yuksak ehtirom koronavirus infeksiyasiga qarshi mardona kurashayotgan qahramon shifokorlarimiz uchun ulkan rag‘bat va kuch bo‘lishi shubhasiz, deyiladi SSV xabarida.

Ayni vaqtga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 133 nafarga yetib, kasallikdan sog’ayib ketganlar soni esa 7 tani tashkil etmoqda.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.