Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 29 taga oshib, 133 nafarni tashkil etmoqda.

Foto: O’zA

Bugun aniqlangan 29 ta yangi holatdan 6 tasi Namangan viloyatida qayd etilgani ma’lum qilinadi, deb yozmoqda “Namangan Koronavirus Info”

12 martda Turkiya orqali umra ziyoratiga borib kelgandan so‘ng uy karantinida nazoratda bo‘lgan, Namangan shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan ayol koronavirus infeksiyasiga chalinganlikda gumon qilinib, 24 mart kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantin kuzatuviga yotqizildi va 26 mart kuni unda koronavirus infeksiyasi aniqlandi.

Shu bilan birga infeksiya bu ayoldan uning onasi, singlisi, qizi va nabirasiga ham yuqqani hamda uning 72 yoshli onasi surunkali kasalliklari oqibatida 26 mart kuni vafot etganligi haqida xabar berilgan edi.

Bugun 29 mart kuni tongda ushbu ayolning karantin kuzatuvida bo‘lgan yana 5 nafar qarindoshida hamda onasiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelgan patronaj hamshirasida, jami 6 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Umra ziyoratiga borgan ayolning singlisi, singlisining kelini, akasi, akasining turmush o‘rtog‘i, jiyani hamda tibbiy hamshiraning koronavirus infeksiyasi tahlili musbat natija berdi.

Hozirgi kunda ushbu fuqarolar bilan oilaviy va yaqin muloqotda bo‘lganlarning barchasi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga va ikkilamchi muloqotda bo‘lganlarning barchasi maxsus jihozlangan izolyatorlarga joylashtirildi. Hozirda ularning sog‘ligi malakali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

Bugungi kunga Namangan viloyatida qayd etilgan jami koronavirusga chalinish holati 12 tani tashkil etmoqda, deyiladi xabarda.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.