Mamlakatimizning fidoyi va vatanparvar shifokorlarimiz sa’y-harakati tufayli yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimizning dastlabki 7 nafari butunlay sog‘aydi. Bu haqida Sog’liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Foto: SSV axborot xizmati

Ular Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya tibbiyot markaziga kuzatib qo‘yildi. Kasallikdan xalos bo‘lgan fuqarolarimiz ma’lum muddat shu yerda karantinda bo‘lishadi, deyiladi xabarda.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari oldiga koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning hayotini saqlab qolishni asosiy vazifalardan biri sifatida qo‘ygan edilar. Ushbu da’vatdan ruhlanib, bor tajriba va mahoratlarini ishga solishgan shifokorlarimiz fidoyiligi bir guruh bemorlarimizning sog‘ayishini ta’minladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xastalikdan forig‘ bo‘lgan bemorlarimizning ham quvonchi cheksiz. Ular Prezidentimizga, fidoyi shifokorlarimiz, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yordam berayotgan barcha insonlarga chuqur minnatdorlik bildirishmoqda, duo qilishmoqda. Ushbu quvonch ko‘z yoshlari ayni paytda infeksiya tarqalib ketishining oldini olishda kecha-yu kunduz tinmay mehnat qilayotgan barcha insonlar faoliyatiga munosib baho, munosib ehtiromdir.
Eng muhimi, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasi rivojiga bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan alohida e’tibor qaratilgani koronavirus balosiga qarshi samarali kurashish uchun zamin yaratdi. Endilikda esa yurtimizning barcha hududlarida maxsus shifoxonalarning jadallik bilan qurilayotgani, zarur tibbiy uskunalar, jumladan, 300 mingta ekspress-test hamda 500 ta sun’iy nafas oldirish apparatlarini xarid qilish choralarining ko‘rilayotgani shifokorlarimiz faoliyati samaradorligini yanada oshirishi shubhasiz. Bu esa ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan xastalangan bemorlarimizning sog‘ayib ketishlarida muhim ahamiyatga ega.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida barcha resurslar ishga solinib, zarur va qat’iy choralar amalga oshirilayotgan bir paytda fuqarolarimiz ham ushbu jarayonga mas’uliyat bilan qarashlarini, xastalik alomatlari sezilganda, yashirmasdan zudlik bilan shifokorlarga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz. Bu bilan nafaqat koronavirus infeksiyasining dahshatli oqibatlaridan o‘z sog‘lingizni himoya qilasiz, balki oilangiz, yaqinlaringiz va butun jamiyat uchun ham yaxshilik qilgan bo‘lasiz, deb yozadi SSV.

Ayni vaqtga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 133 nafarni tashkil etmoqda.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.