OAV hisob-kitobiga koʻra, Nyu-Yorkda koronavirus tufayli har 17 daqiqada bitta oʻlim holati sodir boʻlmoqda.

Foto: RIA novosti

“Soʻnggi ikki kun davomida har 17 daqiqada Nyu-Yorkning bir yashovchisi koronavirus tufayli vafot etmoqda”, deb yozadi “New York Post”.

Hozirda Nyu-Yorkda koronavirusning jami qurbonlari soni 450 kishiga yetgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp shanba kuni bir qator shtatlarda, xususan, Nyu-Yorkda ham karantin rejimi joriy etilishi mumkinligini maʼlum qilgan.

“Biz bir nechta holatlarni koʻrib chiqyapmiz… Ayrimlar Nyu-Yorkni karantinda koʻrishni xohlayapti. Ehtimol, Nyu-Jersi, va yana bir-ikkita boshqa shtatlar. Balki, Konnektikut qisman karantinda boʻlar. Men hozir bu haqda oʻylayapman. Balki, buni amalga oshirarmiz. Balki, yoʻq. Balki, shu bugunning oʻzida bu roʻy berar”, – deb aytgan Tramp jurnalistlarga.

Jon Xopkins universiteti hisob-kitobicha, AQShda virusni yuqtirganlar soni 105 ming nafarga yetgan, 1711 bemor vafot etgan. Nyu-York koronavirus qurbonlari soni boʻyicha amerika shaharlari orasida yetakchilik qilyapti.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 600 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 27 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.