Kuni kecha koronavirus aniqlangan ayol o‘tkir miokard infarktidan vafot etganligi haqida xabar berilgan edi. Hozirda ayolning barcha qarindoshlari karantinga olingan. Ularning birontasi 72 yashar onaxonning dafn marosimida ishtirok eta olmadi. Onaxonni sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlari dafn etishdi. “Sputnik” bu haqida yozmoqda.

Foto: O’zA

Namangan viloyati hokimi mahalliy televideniya orqali chiqishi vaqtida viloyatdagi koronavirus boʻyicha ahvol hamda koronavirusga chalingan 72 yoshli ayol oʻlimi haqida batafsil toʻxtalgan.

“Viloyatimizda koronavirusga chalinganlar soni oltitani tashkil qilmoqda, – dedi afsus bilan Xayrullo Bozorov. – Turkiya davlati orqali Saudiya Arabistonida Umra safarini amalga oshirib kelgan fuqarolarimizni tekshirish jarayonida bitta oiladan 5 kishi, yana bir oiladan bir kishida – jami olti kishida ushbu kasallik alomatlari aniqlandi. Ularning bir nafari – 72 yoshli onaxonimiz ushbu virus natijasida olamdan oʻtdilar”.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu onaxonning qizi Saudiya Arabistoniga Umra safariga Turkiya orqali borgan va u yerdan 12 mart kuni qaytib kelgan. Anʼanaga koʻra, Umra yoki Haj safaridan qaytgan kishini yaqin qarindoshlari va oila aʼzolari kelib koʻradi. Hokimning aytishicha, ayol 231 nafar kishi bilan muloqotda boʻlgan.

Natijada, ushbu oilaning besh nafar aʼzosi, shu jumladan, Saudiya Arabistoniga borgan ayolning oʻzi ham, koronavirusga chalingan. Ular orasida vafot etgan onaxon, opasi, qizi (maktab oʻquvchisi) va nabirasi bor. Hozirda boshqa qarindoshlar tekshirilmoqda.

Hozirda ayolning barcha qarindoshlari karantinga olingan. Ularning birontasi 72 yashar onaxonning dafn marosimida ishtirok eta olmaydi. Onaxonni sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlari dafn etishdi.

“Mana sizga natija. Birinchidan, kasallikning yuqishi, ikkinchidan oʻlim holati, uchinchidan, onaxonni soʻnggi manzilga uning oila aʼzolari kuzatmagani. Men oʻylaymanki, bu Namangan aholisiga juda qattiq taʼsir qildi. Shaxsan menga bu juda qattiq taʼsir qildi”, dedi hokim.

Ayni vaqtga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 104 nafarni tashkil etmoqda.