Talabalar tomonidan yaratilgan ushbu dastur karantin paytida qoidabuzarlarni aniqlash va epidemiya tarqalishining oldini olishga yordam beradi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar bermoqda.

Oddiy tibbiy niqob

Dastur yordamida yo‘llarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali shaxsiy himoya vositasi (niqob)siz haydovchi va yo‘lovchilarni aniqlash mumkin, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston hukumati maxsus komissiyasi o‘rnatgan tartibga binoan 2020 yil 27 martdan boshlab fuqarolar jamoat joyida shaxsiy himoya vositasi (niqob)siz bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Ya’ni, bazaviy hisoblash miqdorining besh barobarigacha miqdorda – 1 mln 115 ming so‘m jarima belgilanishi mumkin.

Mazkur tartib avtomobil boshqaruvidagi haydovchilarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Talabalar o‘zlari yaratgan dasturni foydalanish uchun bepul taqdim etish bilan koranavirus infeksiyasi profilaktikasiga hissa qo‘shish niyatida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda virusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni Parijdan uchib kelgan fuqaroda qayd etilgan. Ayni vaqtga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 104 nafarni tashkil etmoqda.