28 mart kuni Qozog‘istonning Ko‘stanay shahrida “Chevrolet” brendi ostida “UzAuto Motors” avtomobillarini yig‘ish boshlandi. Bu haqida kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “UzAuto Motors” axborot xizmati

“General Motors” kompaniyasi “UzAuto Motors” bilan birgalikda “Cobalt” (avvalgi Ravon R4) oilaviy sedani, tijoriy foydalanish uchun “Damas” hamda «Labo» avtomobillari hamda premium sinfga mansub “Malibu” avtomobillari yangi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: “UzAuto Motors” axborot xizmati

Yangi modellarni ishlab chiqarish avvalroq Ravon «Nexia R3» avtomobili ishlab chiqarilgan «SariarkaAvtoProm» MChSh (Mas’uliyati cheklangan shirkati) quvvatlarida yo‘lga qo‘yildi. Barcha mahsulotlar “General Motors” kompaniyasi tomonidan belgilangan jahon standartlari asosida ishlab chiqariladi. Qayd etish joizki, Qozog‘istonda eng mashhur sanalgan Ravon “Nexia R3” avtomobili ham endilikda “Chevrolet” brendi ostida ishlab chiqariladi. Ushbu yo‘nalishdagi keyingi qadam “Chevrolet” modellar qatorini yangi istiqbolli “Tracker” va “TrailBlazer” va boshqa avtomobillari bilan to‘ldiriladi.

Konveyerni tantanali ravishda O‘zbekistondan teleko‘prik orqali ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin ishga tushirdi.

Dastlabki bosqichda ishlab chiqarish hajmi yiliga 26, 000 transport vositasini tashkil qiladi, kelgusida uni 100, 000 dona avtomobilga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek ishlab chiqarishning dastlabki yili davomida 13, 000 avtomobillarni yaqin horij davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, loyiha 2020 yilning 26 fevral kuni Urganch shahrida chegaralararo hamkorlik Forumi doirasida “Allur Group” kompaniyalar guruhi hamda “O‘zavtosanoat” AJ o‘rtasida tashkil etilgan QK doirasida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq 2017 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qozog‘iston Respublikasiga tashrif chog‘ida «Sariarka AvtoProm» MChSh ishlab chiqarish quvvatlarida avtomobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu davr mobaynida ichki va eksport bozorlariga mo‘ljallangan qiymati 85 mln. AQSh dollar bo‘lgan 11 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarilgan, deyiladi xabarda.