Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamda vohamizdagi 4 ta sanatoriyda vaqtinchalik karantinga olingan 535 nafar fuqarolar saqlanmoqda. Ularning 71 nafari chet el fuqarolaridir.

Foto: Google

Ularning salomatliklari qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, ovqatlanish, yuvinish va boshqa bir qator masalalarda yetarli sharoitlar yaratilgan.

Karantinda saqlanayotgan fuqarolarning 116 nafari ayollar va 419 nafari erkaklardir. Ularning ichida 5 nafar homilador ayollar va 13 nafar bolalar mavjud.

Shuningdek, uy sharoitida nazoratga olinganlar 1996 nafar.

Ayni paytgacha Qashqadaryo viloyatida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlik holati qayd etilmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda virusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni Parijdan uchib kelgan fuqaroda qayd etilgan. Ayni vaqtga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 104 nafarni tashkil etmoqda.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.