Foto: Daryo.uz

Byuro rahbari lavozimiga 2019-yilning sentabr oyida saylanib, joriy yilning 1-fevralidan o‘z vazifasiga rasman kirishgan janob Klyuge ilk xorijiy tashrifini O‘zbekistondan boshlaganini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan doktor Klyuge JSST O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlardan mamnun ekani va istiqbolli loyihalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbirda SSV va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi bilan 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan 2 yillik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Hans Klyuge uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga bergan intervyusida noinfeksion kasalliklarning oldini olishda nos ishlab chiqarish va uni sotishga chek qo‘yish samarali choralardan biri ekanligini qayd etdi.

Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p o‘lim holatlari aynan noinfeksion kasalliklar tufayli kuzatilmoqda. Dunyo bo‘ylab har yili 140 ming kishi noinfeksion kasalliklar oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Yurtingizdagi har to‘rtinchi odam ham shunday kasalliklar sabab vafot etmoqda. Bu epidemiyani to‘xtatish uchun sog‘liqni saqlash sektori chegarasidan chiqish kerak.

Tamaki, shirin ichimliklar uchun soliqlarning oshirilishi, OAVda alkogol mahsulotlari, xususan, spirtli ichimliklar reklamasini taqiqlash, nos ishlab chiqarish va uning savdosiga chek qo‘yish, aholida faol va sog‘lom turmush kechirishni osonlashtirish kabi choralar nafaqat Sog‘liqni saqlash vazirligi, balki qator tashkilot va idoralar tomonidan ham birgalikda amalga oshirilishi zarur.

Hans Klyuge, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi direktori